Yangiliklar
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Islom taraqqiyot banki va OPEK xalqaro taraqqiyot jamgʻarmasi ishtirokida amalga oshirilayotgan “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi doirasida ayni kunlarda Buxoro viloyati Shofirkon tumanidagi bir qator mahallalarda qurilish, taʼmirlash, obodonlashtirish ishlari davom etmoqda.
Mazkur qaror doirasida hududda taʼlim, sogʻliqni saqlash, ichimlik suvi, yoʻl va boshqa infratuzilma yoʻnalishlarida qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, “Mirzoqul”, “Xorkash”, “Tezguzar”, “Doʻrmon” hamda boshqa mahallalarda taʼlim muassasalari yangilanmoqda. Bunda asosiy eʼtibor taʼlim sohasini rivojlantirish, maktabgacha va umumtaʼlim muassasalarini modernizatsiya qilishga qaratilgan.
Davlatimiz rahbarining 2021-yil 18-sentabrdagi PQ-5246-son qaroriga muvofiq, nafaqat mavjud bino-inshootlarni rekonstruksiya qilish, balki qoʻshimcha oʻquv binolari va sport inshootlarini barpo etish orqali oʻquvchilar uchun zamonaviy va qulay sharoitlar yaratish koʻzda tutilgan.
Aholi soni ortib borayotgan Shofirkon tumanining “Tezguzar” mahalla fuqarolar yigʻinida ham maktabgacha taʼlim muassasasiga ehtiyoj ortgan. Hudud faollari va ota-onalar murojaatlari asosida oʻtgan yili mahallada 90 oʻrinli yangi maktabgacha taʼlim tashkilotini qurish loyihasi ishlab chiqildi.
Bugungi kunda “Tezguzar” mahallasida 1030 ta xonadon mavjud boʻlib, ularda 5 mingdan ortiq aholi istiqomat qilmoqda. Hududda maktabgacha taʼlim bilan qamrab olinmagan qariyb 185 nafar bola roʻyxatga olingan. Yangi muassasa qurilishi ushbu muammoni bartaraf etish, bolalar qamrovini oshirish hamda ota-onalar uchun qulaylik yaratishga xizmat qiladi.
Mazkur loyiha 20-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotiga qoʻshimcha bino sifatida barpo etilmoqda. Loyiha qiymati 3 milliard 400 million soʻmni tashkil etadi. Ayni paytda pudratchi tashkilot tomonidan qurilish ishlari olib borilmoqda. Tuman hokimligi masʼullari esa qurilish sifati va loyihaning belgilangan muddatda, talab darajasida amalga oshirilishi ustidan doimiy nazorat olib bormoqda.
Manba: Buxoro viloyati hokimligi