Yangiliklar
Iqtisodiyot va moliya vazirligining “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasiga asosan, Kogon tumanida aholining ko‘pdan kutgan xayrli ishlari ro‘yobga chiqarilmoqda.
O‘tgan 2025-yil davomida tumanda Islom taraqqiyot banki, OPEK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi va BMT Taraqqiyot dasturi ishtirokidagi mazkur loyiha doirasida 2 ta zamonaviy mahalla markazi, 3 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti hamda 1 ta umumta’lim maktabi yangidan qurib foydalanishga topshirildi. Shuningdek, umumta’lim maktablarida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilib, barkamol avlod vakillari ta’lim-tarbiyasi uchun munosib shart-sharoit yaratildi.
Shuningdek, dastur doirasida tuman aholisini sifatli va toza ichimlik suvi bilan ham barqaror ta’minlash yo‘lida ham ishlar olib borilmoqda. Mahalla va qishloqlarga toza ichimlik suvini uzluksiz yetkazib berishga doir amaliy ishlar loyiha doirasida belgilangan talablar asosida amalga oshirilmoqda.
Xususan, Kogon tumani “Navro‘z” mahalla fuqarolar yig‘inida 21 ming metr, “Yangi hayot” mahallasida 28 ming metr, “Beklar” mahallasida 12 ming metr, “Mustaqillik” mahallasida 45 ming metr, “Sarayon” mahallasida 18 ming metr, “Choloki” mahallasida 25 ming metr, “Kogon” mahallasida 8 ming metr masofaga ichimlik suv tarmog‘ini tortish ishlari yakuniy bosqichga yetib qoldi.
Hududda mahallalararo umumiy uzunligi 157 kilometrni tashkil etgan bu keng ko‘lamdagi loyiha yakuniga yetkazilgach, tumandagi 1 ming 306 tadan ortiq xonadon ilk bor toza va sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlanadi. Qolaversa, 2 ming 860 ta xonadonda mavjud ichimlik suv ta’minoti barqaror izga solinishi bilan aholi turmush darajasini yanada yaxshilash imkoniyati yaratiladi.
Manba: Buxoro viloyat hokimligi matbuot xizmati