Yangiliklar
“Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi doirasida Buxoro viloyatining Kogon tumanida ham keng ko‘lamli qurilish, rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Kogon tumanida “Kogon”, “Navro‘z”, “Mustaqillik”, “Beklar”, “Sarayon”, “Bahouddin Naqshband” hamda “Nurafshon” mahallalarida ijtimoiy soha inshootlarini qayta qurish va kapital rekonstruksiya qilishga doir loyihalar davom etmoqda.
Mazkur loyihalar qatoridan “Kogon” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 26-sonli oilaviy poliklinika qayta qurilishi ham o‘rin olgan. Bir kunda 100 nafargacha fuqaroni qabul qilish imkoniga ega bo‘ladigan, ikki qavatli mazkur inshoot pudratchi tashkilot “Mirransol kapital stroy invest” MChJ quruvchilari tomonidan olib borilmoqda.
Zarur shart-sharoit va tibbiy uskunalariga ega bo‘ladigan, o‘ndan ortiq tibbiyot xodimi bandligi ta’minlanadigan inshoot qurilishi mamlakatimiz Mustaqilligi bayrami oldidan to‘liq bitkazilib, kogonliklarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun foydalanishga topshirilishi kutilmoqda.
Shu bilan birga loyiha doirasida qariyb 10 mlrd so‘m mablag‘ evaziga hududda joylashgan 10-umumta'lim maktabining 240 o‘rinli binosini rekonstruksiya qilish va qo‘shimcha 330 o‘rinli yangi bino qurish reja qilingan bo'lib, hozirda bu yerda “Ziyo Shahriyor qurilish” MCHJ tomonidan qurilish ishlari olib borilmoqda.