Gerb
Joint Projects Implementation Unit
under the Ministry of Economy and Finance of the Republic of Uzbekistan
For Information
+99871 207-84-07
Ishonch telefoni
+99877 363-37-35

Yangiliklar

Vobkent tumani: mahallalarda ijtimoiy soha obyektlari va infratuzilma holati yaxshilanmoqda

Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi doirasida Buxoro viloyatining Vobkent tumanida joylashgan “Xoʻjarabot” mahallasidagi 7-sonli umumtaʻlim maktabida qurilish-taʻmirlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Loyiha doirasida maktabning mavjud oʻquv binolari mukammal rekonstruksiya qilinib, qoʻshimcha ravishda 240 oʻrinli zamonaviy oʻquv binosi hamda faollar zali bunyod etiladi. Soʻnggi yillarda maktabda oʻquvchilar soni oshgani, darsdar moslashtirilgan sharoitda faoliyat yuritib kelingani qayta taʻmirlashga zarurat tugʻdirgandi. 

Taʻlim dargohining birinchi oʻquv binosi oʻtgan asr yetmishinchi yillarida, ikkinchi oʻquv binosi esa 1986-yilda qurilgan boʻlib, uzoq yillar davomida taʻlim jarayoniga xizmat qilgan. Vaqt oʻtishi bilan binolar eskirib, zamonaviy taʻlim talablariga toʻliq javob bermay qolgandi. Ayniqsa, qish mavsumida isitish tizimida ham nuqson va yetishmovchiliklar kuzatilgan, sinf xonalarida zarur haroratni saqlash qiyin boʻlib, bu ahvol oʻquv jarayoniga ham oʻz taʻsirini koʻrsatmay qolmagan. Maktabda faollar zali mavjud boʻlmagani sababli maʻnaviy-maʻrifiy tadbirlar, musiqiy chiqishlar, uchrashuvlar va davra suhbatlari sinf xonalarida oʻtkazib kelingan. 

“Xoʻjarabot”dagi umumtaʻlim maktabidagi mukammal taʻmirlash ishlarini mahalliy pudratchilardan “Fast quality building” MChJ ishchi-mutaxassislari oʻz zimmalariga olishdi. Bugunga qadar inshootda belgilangan asosiy ishlarning katta qismi yakunlandi.

Amalga oshirilayotgan mukammal taʻmirlash va ayni kundagi qurilish ishlari natijasida shu kunga qadar foydalanib kelingan 340 oʻrinli taʻlim dargohi zamonaviy infratuzilmaga ega 580 oʻrinli umumtaʻlim maskaniga aylantirilmoqda. Yangi oʻquv yilidan boshlab oʻquvchilar keng va yorugʻ sinf xonalari, zamonaviy sport zali, faollar zali hamda barcha qulayliklarga ega taʻlim muhitida bilim olish imkoniyatiga ega boʻladilar.

Shuningdek, tumanning “Nayman” mahallasida ham mazkur loyiha doirasida infratuzilma yaxshilanmoqda. Jumladan, hudud aholisi uchun zarur ichimlik suvi taʻminoti tubdan yaxshilandi. Mahallada 2,3 ming metr yangi ichimlik suvi tarmogʻi tortilib, buning uchun 231 million soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. Natijada bugunga kelib mahalla aholisi toʻliq sifatli ichimlik suvi bilan taʻminlandi.

MFYda elektr energiyasi taʻminotidagi nuqson va kamchiliklar bartaraf etilganidan barcha mamnun.  Loyihaga ajratilgan 993 million soʻm mablagʻ evaziga 3 ta yangi elektr transformator punkti oʻrnatilgani,  8,4 ming metr masofada elektr uzatish tarmogʻi yangidan tortilgani, zamonaviy beton ustunlar oʻrnatilib, elektr taʻminotining barqarorligi sezilarli darajada oshirilgani fikrimiz dalili. 

“Nayman” MFYda taʻlim sohasida ham qator yangilanishlar amalga oshirilmoqda. Mahalladagi 28-sonli umumtaʻlim maktabini mukammal taʻmirlash uchun qiymati 6 milliard 160 million soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgan. Taʻlim maskanida zamonaviy isitish tarmogʻi shay qilinib, 2 ta sport zali, uni yonidan  faollar zali, uch qavatli oʻquv binosi mukammal taʻmirdan chiqarilib, sinf xonalari zamonaviy koʻrinishga keltirildi.

Mahalladagi oʻtgan asr yetmishinchi yillarida qurilgan 10-sonli davlat maktabgacha taʻlim tashkiloti oʻrnida 120 oʻrinli, uch qavatli, yorugʻ va zamonaviy yangi bino qad rostlagani ayniqsa, ota-onalarni xursand qildi. Muassasa   talab darajasida bunyod etilib, jajji tarbiyalanuvchilar uchun munosib shart-sharoit yaratilmoqda.

Qolaversa, hududda 3 mingga yaqin aholiga tibbiy xizmat koʻrsatuvchi  oilaviy shifokorlik punkti ham yangicha qiyofa kasb etdi. Muassasaga qoʻshimcha bino qurilib, zamonaviy tibbiy xonalar tashkil etildi. Bino energiya tejamkor vositalar, issiqlikni saqlovchi tom qoplamasi, quyosh panellari asosidagi yoritish tizimi hamda yangi mebel va jihozlar bilan taʻminlanib, foydalanishga topshirilmoqda.

Bir soʻz bilan aytganda, Nayman mahallasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” tamoyilining amaliy ifodasidir. Mahalla aholisi zamonaviy infratuzilma, sifatli kommunal xizmatlar, qulay taʻlim va tibbiyot maskanlari tufayli oʻzgarish va yangilanishlarni oʻz kundalik hayotida yaqqol his etmoqda.

Buxoro viloyat hokimligi matbuot xizmati 

Yuborish Ulashish