Yangiliklar
Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi arafasida Buxoro viloyati Vobkent tumanidagi qator obyektlarning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Vobkent tumanida yangi 2026–2027-oʻquv yilini munosib kutib olish, taʼlim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, maktab binolarini zamonaviy talablar asosida yangilash hamda oʻquvchilar uchun munosib va qulay taʼlim muhitini yaratish borasidagi bunyodkorlik ishlari izchil davom etmoqda.
“Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi doirasida tumandagi “Koʻlxatib” mahallasidagi 39-son umumtaʼlim maktabi binosi ham tantanali ravishda foydalanishga topshirildi. Ushbu taʼlim muassasasida ham keng koʻlamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.
Maktab oʻquv binosini mukammal taʼmirlash, zamonaviy yopiq sport zali barpo etish hamda taʼlim muassasasining isitish tizimini toʻliq yangilash maqsadida 4 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltirildi. Bajarilgan ishlar natijasida maktabning nafaqat tashqi qiyofasi, balki oʻquv jarayoni uchun zarur ichki infratuzilmasi ham tubdan yaxshilandi.
“Mirvoshi” mahallasidagi 35-son umumtaʼlim maktabi kapital taʼmirdan chiqarilib, bugun tantanali ravishda foydalanishga topshirildi. Amalga oshirilgan keng koʻlamli ishlar natijasida maktab binosi zamonaviy, shinam va oʻquv jarayonini samarali tashkil etish uchun barcha zarur sharoitlarga ega taʼlim maskaniga aylantirildi.
Shuningdek, “Nayman” MFYda joylashgan 28-umumtaʻlim maktabda ham kapital taʻmirlash ishlari yakunlanib, taʻlim maskanining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Maktab binosi binosi “Saidov Building” MChJ tomonidan 6 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ evaziga mukammal taʻmirlandi.
Ziyolilar, nuroniylar, mahalla faollari va maktab jamoasi ishtirokidagi ochilish marosimida soʻzga chiqqanlar mamlakatimizda taʻlim sohasiga qaratilayotgan yuksak eʻtibor, yosh avlod uchun yaratilayotgan imkoniyatlar va bunyodkorlik ishlari haqida alohida taʻkidladilar.
Tumanda shuningdek, aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmat sifatini oshirish va zamonaviy sharoitlar yaratish maqsadida yana bir quvonchli voqea – “Gʻaribshoh” mahallasidagi oilaviy shifokorlik punktining yangi binosi ochildi.
Yangi oilaviy shifokorlik punkti 1 252 ta xonadon va 8 450 nafar aholiga tibbiy xizmat koʻrsatadi. Muassasada 1 051 ta oila tibbiy nazorat va xizmat bilan qamrab olingan boʻlib, ularga jami 11 nafar tibbiyot xodimi – 2 nafar oilaviy shifokor, 7 nafar oʻrta tibbiyot xodimi hamda 2 nafar kichik tibbiyot xodimi xizmat koʻrsatadi.
— Yangi tibbiyot muassasasi xalqimiz salomatligini asrash yoʻlida uzoq yillar samarali xizmat qilsin. Aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va qulayligi yanada oshsin, deya taʻkidlandi tadbirda.
Bugungi yangilanishlar amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari chekka hududlar aholisi uchun munosib taʻlim hamda tibbiyot imkoniyatlarini kengaytirish, turmush tarzini yaxshilash yoʻlidagi muhim islohotlarning yaqqol namoyish boʻlishidir.
Manba: Buxoro viloyati hokimligi Axborot xizmati