Gerb
Joint Projects Implementation Unit
under the Ministry of Economy and Finance of the Republic of Uzbekistan
For Information
+99871 207-84-07
Ishonch telefoni
+99877 363-37-35

Yangiliklar

Buxoro tumanida yana ikki zamonaviy bogʻcha foydalanishga topshirildi

Buxoro tumanida maktabgacha taʻlim sohasidagi infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda. “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi doirasida Buxoro tumanidagi “Rabotak” va “Yangi turmush” mahallalarida davlat maktabgacha taʻlim tashkilotlari rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi.

Rabotak MFYda 180 nafar bolaga moʻljallangan 20-sonli, Yangi turmush MFYda esa 150 oʻrinli 5-sonli davlat maktabgacha taʻlim tashkiloti zamonaviy talablar asosida taʻmirlandi. Qurilish-taʻmirlash ishlarida “Modern ideal buldings” MCHJ quruvchilari ishtirok etdi.

20-sonli bogʻchani zamonaviy qiyofaga keltirish uchun 3 milliard 937 million soʻm, 5-sonli muassasani kapital rekonstruksiya qilish uchun esa 610 million soʻm mablagʻ sarflandi. Har ikki muassasa quyosh panellari va geokollektor kabi muqobil energiya manbalari bilan taʻminlandi.

Muassasalarda bolalarning taʻlim-tarbiya olishi va boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Jumladan, yorugʻ va shinam mashgʻulot hamda oʻyin xonalari, yotoqxona va oshxona, sport maydonchasi, yozgi ayvon barpo etildi. Sanitariya va isitish tizimlari tartibga keltirilib, muassasalar zarur inventarlar bilan jihozlandi.

Yangi va yangilangan bogʻchalarning ishga tushirilishi mahallada yashovchi oilalar, ayniqsa, yosh ota-onalar uchun qulaylik yaratib, maktabgacha yoshdagi bolalarning sifatli taʻlim-tarbiya olishi uchun imkoniyatlarni kengaytirmoqda.

Tantanali ochilish marosimida tuman mutasaddilari, jamoatchilik vakillari hamda nuroniylar ishtirok etib, bolalar uchun yaratilgan sharoitlarni yuqori baholadilar. Muassasalarda faoliyat yuritayotgan 40 nafardan ortiq pedagog-tarbiyachiga masʻuliyatli mehnatida muvaffaqiyat tilab, bolajonlarni sogʻlom, bilimli va barkamol avlod etib tarbiyalashda ulkan masʻuliyat yuklatilgani taʻkidlandi.

“Yangi Oʻzbekiston - maktabgacha taʻlimdan boshlanadi” ezgu tamoyili asosida Buxoro tumanida maktabgacha taʻlim tizimini rivojlantirishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.

Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati 
 

Yuborish Ulashish